Oʻzligingni bil
«Oʻzligingni bil» — Delfidagi Apollon ibodatxonasi peshtoqidagi yozuv. Delfi Fokidadagi Parnas togʻining janubiy yonbagʻri etagida joylashgan.

«Oʻzligingni bil» — Delfidagi Apollon ibodatxonasi peshtoqidagi yozuv. Delfi Fokidadagi Parnas togʻining janubiy yonbagʻri etagida joylashgan.
Bu qadimiy aforizm Afinadagi buyuk yunon faylasufi Suqrot (mil. avv. 470-399-yillar) nomiga xato nisbat beriladi. U bu iborani shogirdlariga tushuntirib, suhbatlari va chiqishlarida keng qoʻllab, uni juda mashhur qilgan edi.
Suqrotning shogirdi Aflotunning “Protagor” nomli dialogida aytilishicha, «Oʻzligingni bil» aforizmi Qadimgi Yunonistonning yetti buyuk donishmandi birgalikda oʻylab topgan hikmatdir. Aflotun yozishicha, bir kuni Fales, Pittak, Bias, Solon, Kleobul, Mison va Xilon (mil. avv. VI asr) Delfidagi Apollon ibodatxonasida toʻplanishib, uzoq muhokamadan soʻng, oʻzlaricha, mutlaq haqiqatga kelganlar.
Yunon faylasufi va tarixchisi Antisfen “Faylasuflar silsilasi” asarida bu ibora muallifi deb Delfidagi ilk pifiya, Apollonning qizi Femona (qadimgi yunon mifologiyasida)ni koʻrsatadi; u birinchi boʻlib sheʼr bilan bashorat qilgan. Pifiya yoki Delfi orakuli — Delfidagi Apollon ibodatxonasi huzuridagi orakul.
Yuqorida tilga olingan faylasuf Xilon bu iborani shunday rivojlantirgan: «Oʻzligingni bil, shunda xudolarni va olamni bilib olasan».
Suqrotning oʻzi — faylasuf Anaksagor shogirdi — inson nima ekani va «Oʻzligingni bil» nimani anglatishini soʻrab, inson na tana, na tanadan va ruhdan iborat butunlik, balki aynan ruhdir, degan xulosaga keladi. Uning fikr yuritishi quyidagicha. Har qanday hunarda usta va u ishlatadigan asbob bir xil emas. Masalan, etikdoʻz kesgich, pichoq va boshqa asboblardan foydalanadi; demak, uning oʻzi na pichoq, na kesgich, na boshqa asboblardan biridir. Ammo etikdoʻz faqat asboblardan foydalanmaydi: u qoʻllari, koʻzlari va tanasining boshqa aʼzolaridan ham foydalanadi; demak, u ham qoʻl, ham koʻz yoki bu aʼzolardan biri emas. Bu hali hammasi emas: axir inson nafaqat qoʻl va koʻzlaridan, balki butun tanasidan foydalanadi. Binobarin, inson va u foydalanadigan tana bir narsa emas. Xoʻsh, insonning oʻzi nima? Suqrotning taʼkidlashicha, insonning oʻzi — aynan tanadan foydalanadigan narsa, tanadan foydalanadigan narsani esa biz ruh deb ataymiz. Demak, inson tanani oʻz asbobidek boshqaruvchi ruhdir; binobarin, uni oʻzini bilishga chorlagan Xudo, uni oʻz ruhini bilishga chorlaydi.














